Tarix
Bu sahifa ustida ishlanmoqda. Agar yordam bermoqchi bo‘lsangiz yoki ish yarim qolgan bo‘lsa, tahrirlayotgan foydalanuvchiga xabar berishingiz mumkin. Agar bu sahifaga so‘nggi yetti kun ichida o‘zgartirish kiritilmagan bo‘lsa, andoza sahifadan olib tashlanadi. Eng so‘nggi tahrir, 6 kun avval Mirishkorlik (hissa | log) tomonidan amalga oshirildi (). |
| Tarix turkumidan |
|---|
Tarix — oʻtmish tizimli ravishda oʻrganiladigan fan. Akademik fan oʻlaroq unda tarixiy dalillar tahlil qilinadi va talqin etiladi, sodir boʻlgan voqealar hamda ularning yuz berish sabablarini tushuntirish uchun tarixiy bayonlar yaratiladi. Ayrim nazariyotchilar tarixni ijtimoiy fanlar qatoriga kiritsa, boshqalari uni gumanitar fanlar tarkibiga mansub yoki bu ikki yoʻnalishni oʻzida mujassam etgan gibrid fan deb sanaydi. Tarixning maqsadi borasida ham turli qarashlar mavjud. Masalan, baʼzilar uning asosiy vazifasi haqiqatni aniqlashga qaratilgan nazariy bilim olish deb bilsa, boshqalar oʻtmishdan saboq chiqarishga xizmat qiladigan amaliy ahamiyatini ustun qoʻyadi. Kengroq maʼnoda tarix atamasi akademik fanni emas, balki oʻtmishning oʻzini, oʻtmishdagi davrlarni yoki oʻtmish haqida yozilgan alohida matnlarni ham anglatadi.
Tarixiy tadqiqotlar oʻtmishdagi voqealarni qayta tiklash va ularning talqinlarini asoslash uchun birlamchi hamda ikkilamchi manbalarga tayanadi. Tanqidiy manbashunoslik (manbalarni tanqidiy tahlil qilish) orqali bu manbalarning haqiqiyligi, mazmuni va ishonchliligi baholanadi. Tarixchilar izchil va yaxlit tarixiy bayon yaratish uchun turli manbalardagi qarashlarni oʻzaro uygʻunlashtirishga intiladilar. Pozitivizm, „Annallar“ maktabi, marksizm va postmodernizm kabi ilmiy yoʻnalishlar tarixiy tadqiqotlarda oʻziga xos metodologik yondashuvlarga ega.
Tarix juda keng qamrovli fan boʻlib, koʻplab tarmoqlarni oʻz ichiga oladi. Ulardan ayrimlari qadimgi dunyo tarixi kabi muayyan davrlarni oʻrgansa, boshqalari Afrika tarixi singari maʼlum geografik hududlarni qamrab oladi. Mavzuga koʻra tarix siyosiy, harbiy, ijtimoiy va iqtisodiy yoʻnalishlarga boʻlinadi. Muayyan tadqiqot usullari va manbalariga asoslangan tarmoqlar qatoriga kvantitativ tarix, qiyosiy tarix va ogʻzaki tarix kiradi.
Tarix alohida tadqiqot sohasi sifatida qadimgi davrlarda afsona va rivoyatlarga asoslangan bayonlar oʻrnini bosish maqsadida shakllandi. Dastlabki nufuzli tarixshunoslik anʼanalari Qadimgi Yunoniston va Xitoyda vujudga kelgan, keyinchalik esa islom dunyosida ham rivojlangan. Tarixiy yozma asrlar davomida takomillashib bordi va ayniqsa XIX asrda qatʼiy metodologiya hamda turli ilmiy muassasalarning shakllanishi bilan yuqori darajada professionallashdi. Tarix tarixshunoslik, falsafa, taʼlim, siyosat va arxeologiya kabi koʻplab fanlar bilan chambarchas bogʻliqdir.
Taʼrif
[tahrir | manbasini tahrirlash]Akademik fan sifatida tarixda oʻtmish, avvalo insoniyat oʻtmishi oʻrganiladigan fandir. Dalillar toʻplash va tahlil qilish orqali tarixiy bayonlarni yaratilib, oʻtmishda sodir boʻlgan voqealar tavsiflanadi va tushuntiriladi. Bunday bayonlarda voqealarning vaqt davomida qanday rivojlangani, nima sababdan yuz bergani hamda qanday sharoitlarda sodir boʻlgani yoritiladi. Shuningdek, tarixda tarixiy voqealarning ahamiyati va ularga turtki boʻlgan insoniy motivlar ham tadqiq etiladi.
Tarix atamasi boshqa bir maʼnoda oʻtmishda sodir boʻlgan voqealarning oʻzini ham anglatadi. Bu maʼnoda tarix — oʻtmishni oʻrganadigan fan emas, balki oʻtmishning oʻzidir. Sanaladigan ot sifatida qoʻllanganda esa tarix oʻtmishning tarixiy asar shaklidagi ifodasini bildiradi. Tarixiy asarlar faol talqin va qayta tiklash jarayonining mahsuli boʻlgan madaniy mahsulotlardir. Tarixchilar yangi dalillarni aniqlashi yoki avval maʼlum boʻlgan manbalarni yangicha talqin qilishi natijasida bunday asarlardagi tarixiy bayonlar oʻzgarishi mumkin. Oʻtmishning oʻzi esa oʻzgarmas va oʻzgarib boʻlmaydigan hodisadir. Ayrim tarixchilar tarixni yilnomalardan farqlash maqsadida uning talqin va izohlash xususiyatiga alohida urgʻu beradilar. Ularning fikricha, yilnomalarda voqealar faqat xronologik tartibda qayd etiladi, tarixda esa ularning sabablari, sharoitlari va oqibatlarini har tomonlama tushuntirishga intilinadi.
Tarix fani uzoq vaqt davomida asosan yozma hujjatlarga tayangan. Shu sababli ushbu fanda yozuv paydo boʻlganidan keyingi davrni, yaʼni yozma tarixni oʻrganishga eʼtibor qaratilgan, yozuvdan avvalgi davr — ibtidoiy jamiyat esa arxeologiya kabi boshqa fanlarning tadqiqot obyekti sanalgan. XX asrda tarixchilarning qiziqishi kengayib, ular yozuv ixtiro qilinishidan avvalgi insoniyat oʻtmishini ham oʻrgana boshlaydilar.
Tarixning ijtimoiy fanmi yoki gumanitar fanlar tarkibiga kiradimi, degan masala tarixchilar orasida munozaralarga sabab boʻlib kelmoqda. Ijtimoiy fanlar vakillari singari tarixchilar ham gipotezalarni ilgari suradilar, obyektiv dalillarni toʻplaydilar va ana shu dalillarga tayangan holda xulosalar chiqaradilar. Shu bilan birga, tarix talqin, hikoya qilish, inson tajribasi va madaniy meros kabi subyektiv jihatlarga tayangani bois gumanitar fanlarga ham yaqin turadi. Baʼzi tarixchilar uni qatʼiy ravishda ijtimoiy yoki gumanitar fan sifatida tasniflasa, boshqalari tarixni bu ikki yoʻnalish xususiyatlarini oʻzida mujassam etgan gibrid fan deb sanaydi. Tarix soxta tarixdan farq qiladi. Soxta tarix tarixshunoslikning ilmiy mezonlariga rioya qilmaydigan yondashuvlarni anglatadi. Bunday yondashuvlar shubhali tarixiy dalillarga tayanishi, ishonchli dalillarni tanlab eʼtiborsiz qoldirishi yoki tarixiy voqelikni buzib koʻrsatishning boshqa usullaridan foydalanishi bilan tavsiflanadi. Koʻpincha muayyan mafkuraviy maqsadlar bilan bogʻliq boʻlgan soxta tarixda tarixiy tadqiqot usullariga oʻxshash uslublardan foydalangan holda, ilmiy tahlil va mutaxassislar oʻrtasidagi umumiy eʼtirofga ega boʻlmagan biryoqlama hamda chalgʻituvchi tarixiy bayonlar ilgari suriladi.
Maqsadi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tarixning maqsadi yoki ahamiyati haqida turli qarashlar mavjud. Ayrim tarixchilarning fikricha, tarixning asosiy vazifasi oʻtmish haqidagi haqiqatni xolisona aniqlashdan iborat. Bu yondashuvda haqiqatni hech qanday tashqi maqsadlarsiz, oʻz-oʻzi uchun qadriyat sifatida izlashga urgʻu beriladi. Unga koʻra, mafkura yoki siyosat bilan bogʻliq tashqi maqsadlar oʻtmishni buzib talqin qilish orqali tarixiy tadqiqotlarning aniqligiga putur yetkazishi mumkin. Shu maʼnoda tarixda dalillarga asoslanmagan anʼanaviy afsona va rivoyatlar ham shubha ostiga olinadi.
Boshqa bir qarashga koʻra, tarixning asosiy qadriyati uning bugungi kun uchun beradigan saboqlaridadir. Bu nuqtayi nazarga koʻra, oʻtmishni anglash qarorlar qabul qilishda yoʻl-yoʻriq boʻlib xizmat qiladi va avval yoʻl qoʻyilgan xatolarning takrorlanishining oldini olishga yordam beradi. Shunga yaqin yondashuvda inson tabiatini chuqurroq anglashga eʼtibor qaratiladi. Turli davrlar va sharoitlardagi inson xulq-atvorining xilma-xilligini ochib berib, xuddi xorijiy mamlakatlarga sayohat qilish orqali hosil qilinadigan tajriba singari, insoniyat haqidagi tasavvurlarni boyitadi. Tarix, shuningdek, umumiy oʻtmish orqali odamlarda jamoaviy oʻzlikni shakllantirib, ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashi hamda madaniy meros va qadriyatlarni avloddan avlodga saqlash hamda rivojlantirishga xizmat qilishi mumkin. Whig tarixchilari hamda marksist olim Edward Hallett Carr kabi ayrim tadqiqotchilar tarixni bugungi kunni anglashning, Carr esa bundan tashqari kelajakni shakllantirishning ham muhim vositasi deb hisoblagan.
Siyosatchilar va mafkurachilar ayrim hollarda tarixdan siyosiy yoki mafkuraviy maqsadlarda ham foydalanadilar. Masalan, ayrim anʼanalarning nufuzini taʼkidlash orqali mavjud holatni oqlash yoki oʻtmishdagi adolatsizliklarni koʻrsatish orqali oʻzgarishlarni targʻib qilish bunga misol boʻla oladi. Bunday yondashuvning keskin koʻrinishlarida tarixiy dalillar ataylab eʼtibordan chetda qoldiriladi yoki notoʻgʻri talqin qilinadi. Natijada chalgʻituvchi tarixiy bayonlar yuzaga kelib, ular soxta tarix yoki tarixiy inkorchilikka olib kelishi mumkin. Bunga Holokost, armanlar genotsidi, Nankin qirgʻini va Golodomorni inkor etish kabi holatlar misol boʻla oladi.
Etimologiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Inglizcha „history“ soʻzi qadimgi yunon tilidagi ἵστωρ („histōr“) soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, „bilimdon“, „donishmand“ maʼnolarini anglatadi. Bu soʻzdan qadimgi yunon tilidagi ἱστορία („historiā“) atamasi hosil boʻlgan. Dastlab keng maʼnoda „surishtiruv“, „tadqiqot“ va „guvohlik berish“ni anglatgan. Keyinchalik ushbu atama klassik lotin tiliga „historia“ shaklida oʻzlashgan. Ellinizm va Rim imperiyasi davrlarida uning maʼnosi oʻzgarib, surishtiruv va guvohlik berishdan koʻra voqealarni bayon qilish hamda ularni ifodalash sanʼatiga koʻproq urgʻu berila boshlagan.
Bu soʻz XIV asrda qadimgi fransuz tilidagi „histoire“ shakli orqali oʻrta ingliz tiliga kirib kelgan. Oʻsha davrda „hikoya“, „qissa“ maʼnosida qoʻllanilib, ham haqiqiy, ham badiiy voqealarni oʻz ichiga olgan. XV asrga kelib, uning maʼnosi kengayib, oʻtmishni oʻrganuvchi bilim sohasi bilan bir qatorda oʻtmish haqidagi bayonlarni ham anglata boshlagan. XVIII–XIX asrlarda tarixiy tadqiqotlarning professionallashuvi bilan „history“ soʻzi tobora dalillarga asoslangan bayonlar va ilmiy tadqiqotlar bilan bogʻlana boshlaydi. Bu maʼno hozirgi zamon qoʻllanilishida ham ustunlik qiladi.
Tarix soʻzining ikki xil maʼnosi — yaʼni „hikoya“ va „oʻtmish haqidagi dalillarga asoslangan bayon“ maʼnolari — boshqa koʻplab Yevropa tillarida ham saqlanib qolgan. Jumladan, fransuz tilidagi „histoire“, italyan tilidagi „storia“ va nemis tilidagi „Geschichte“ soʻzlari ham shu ikki maʼnoni anglatadi.
Metodlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tarixiy usul — tarixchilar oʻtmishni tadqiq etish va talqin qilishda foydalanadigan usullar majmui boʻlib, dalillarni toʻplash, baholash va umumlashtirish jarayonlarini oʻz ichiga oladi. Maqsadi tarixiy dalillarni tanlash, tahlil qilish va talqin etishda ilmiy qatʼiylik, aniqlik hamda ishonchlilikni taʼminlashdan iborat.
Tarixiy tadqiqot odatda tadqiqot savolini belgilashdan boshlanadi. Tadqiqot savoli izlanishning doirasi va yoʻnalishini aniqlab beradi. Baʼzi tadqiqot savollari faqat voqealarning qanday sodir boʻlganini tasvirlashga qaratilsa, boshqalari muayyan voqeaning nima sababdan yuz berganini tushuntirish, mavjud nazariyani rad etish yoki yangi gipotezani tasdiqlashni maqsad qiladi.
Manbalar va manbalarni tanqidiy tahlil qilish
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tadqiqot savollariga javob topish uchun tarixchilar oʻtmishni qayta tiklash va oʻz xulosalarini asoslashda turli xil dalillarga tayanadilar. Tarixiy dalillar odatda birlamchi va ikkilamchi manbalarga boʻlinadi.
Birlamchi manba — oʻrganilayotgan davrning oʻzida yaratilgan manbadir. Bunday manbalar rasmiy hujjatlar, xatlar, kundaliklar, voqealarning bevosita guvohlari qoldirgan qaydlar, fotosuratlar, audio va video yozuvlar kabi turli shakllarda boʻlishi mumkin. Shuningdek, arxeologiya, geologiya va tibbiyot fanlarida oʻrganiladigan tarixiy qoldiqlar, jumladan qazishmalar natijasida topilgan artefaktlar va qazilma qoldiqlar (yoqilgʻilar) ham birlamchi manbalarga kiradi. Birlamchi manbalar tarixiy voqealar haqida eng bevosita dalillarni taqdim etadi.
Arxivlar tadqiqotchilar foydalanishi uchun juda koʻp miqdordagi asl manbalarni saqlaydi.
Ikkilamchi manba — boshqa manbalardagi maʼlumotlarni tahlil qilinadigan yoki talqin etiladigan manba. Muayyan hujjatning birlamchi yoki ikkilamchi manba sanalishi faqat uning oʻziga emas, balki undan qanday maqsadda foydalanilayotganiga ham bogʻliq. Masalan, tarixchi tarixiy hujjatlar tahliliga asoslanib qullik haqida asar yozsa, bu asar qullik tarixini oʻrganishda ikkilamchi manba, biroq tarixchining oʻz qarashlarini oʻrganishda birlamchi manba sanaladi.
Mavjud manbalarga muvofiqlik tarixiy tadqiqotlarning asosiy mezonlaridan biridir. Masalan, yangi manbalarning topilishi tarixchilarni ilgari qabul qilingan tarixiy talqinlarni qayta koʻrib chiqishga yoki ulardan voz kechishga olib kelishi mumkin. Birlamchi va ikkilamchi manbalarni topish hamda ulardan foydalanish uchun tarixchilar arxivlar, kutubxonalar va muzeylarga murojaat qiladilar. Ayniqsa, arxivlar asl manbalarni tizimli ravishda saqlashi va tadqiqotchilar uchun foydalanishga taqdim etishi bilan muhim oʻrin tutadi. Texnologiyalar taraqqiyoti natijasida tarixchilar tobora koʻproq raqamli maʼlumotlar bazalariga tayangan holda, internet orqali hujjatlarni izlash va ulardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmoqdalar.
Manbalarni tanqidiy tahlil qilish — manba taqdim etgan maʼlumotlarni tahlil qilish va baholash jarayonidir. Odatda ushbu jarayon tashqi tanqiddan boshlanadi. Tashqi tanqid orqali manbaning haqiqiyligi tekshiriladi. Unda manbaning qachon va qayerda yaratilgani, muallifi kimligi, u qanday maqsadda yozilgani hamda yaratilganidan keyin unga oʻzgartirishlar kiritilgan-kiritilmagani aniqlanadi. Bundan tashqari, tashqi tanqid asl nusxa, koʻchirma va qalbakilashtirilgan hujjatlarni bir-biridan farqlashni ham oʻz ichiga oladi.
Ichki tanqidda esa manbaning mazmuni baholanadi. Bu jarayon odatda manbadagi maʼno va tushunchalarni aniqlashtirishdan boshlanadi. Bunda notoʻgʻri talqin qilinishi mumkin boʻlgan atamalar izohlanadi, manba notanish tilda yozilgan boʻlsa, tarjima qilinadi. Mazmun anglashilgach, ichki tanqid, avvalo, manbadagi maʼlumotlarning toʻgʻriligini baholashga qaratiladi. Tadqiqotchilar maʼlumotlar ishonchliligi, voqelikning toʻgʻri yoki notoʻgʻri aks ettirilgani, shuningdek, manbaning toʻliqligi yoki muhim tafsilotlarni chetda qoldirgan-qoldirmaganini tekshiradilar. Bunday baholash usullaridan biri muallif oʻrganilayotgan voqeani haqqoniy tasvirlash imkoniyatiga ega boʻlgan-boʻlmaganini aniqlashdir. Boshqa yondashuvlar esa muallifning maqsadi va ehtimoliy xolislikdan chekinishlarini tahlil qilish hamda maʼlumotlarni boshqa ishonchli manbalar bilan taqqoslashni oʻz ichiga oladi. Manbaning cheklovlarini anglash tarixchilarga uning qaysi jihatlariga ishonish mumkinligini va undan tarixiy bayon yaratishda qanday foydalanish lozimligini aniqlashga yordam beradi.
Sintez va tarixshunoslik maktablari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalarni tanlash, tahlil qilish va tanqidiy baholash natijasida oʻtmish haqidagi koʻplab, biroq asosan oʻzaro bogʻlanmagan tasdiqlangan maʼlumotlar yigʻiladi. Keyingi bosqich, baʼzan tarixiy sintez deb ataladigan jarayonda, tarixchilar ushbu alohida dalillar qanday qilib yagona tarixiy manzaraning tarkibiy qismlarini tashkil etishini tahlil qiladilar. Bunday umumiy manzarani yaratish tadqiqot mavzusini har tomonlama anglash uchun muhimdir. Tarixiy sintez tarixiy bayonning ijodiy jihati boʻlib, unda turli voqealar oʻrtasidagi bogʻliqlikni koʻrsatish orqali oʻtmishni qayta tiklanadi, talqin qilinadi va tushuntiriladi. Shu tariqa tarixchilar nafaqat qanday voqealar sodir boʻlganini, balki nima sababdan yuz berganini va ular qanday oqibatlarga olib kelganini ham izohlaydilar. Tarixiy sintezning hamma tomonidan qabul qilingan yagona usuli mavjud boʻlmasa-da, tarixchilar bu jarayonda turli talqin vositalari va metodologik yondashuvlardan foydalanadilar.
Murakkab tarixiy jarayonlarni tushunarli tarzda yoritish vositalaridan biri davrlashtirishdir. Davrlashtirish muayyan vaqt oraligʻini oʻsha davrning asosiy xususiyatlarini belgilab bergan muhim jarayonlar yoki mavzularga asoslangan davrlarga ajratadi. Masalan, insoniyatning ilk tarixi anʼanaviy ravishda ustun boʻlgan xomashyo va texnologiyalarga qarab Tosh, Bronza va Temir davrlariga boʻlinadi. Yana bir metodologik yondashuv tarixiy manbalardagi sukutlar, boʻshliqlar va tushirib qoldirilgan jihatlarni tahlil qilishdir. Ayrim voqealar yuz bergan boʻlsa-da, ular haqida yetarli dalillar saqlanib qolmagan boʻlishi mumkin. Bunday holat zamondoshlar ayrim maʼlumotlarni yozib qoldirishga hojat sezmaganidan yoki maʼlumotlar ataylab yashirilgani yoki yoʻq qilinganidan kelib chiqishi mumkin. Aksincha, katta hajmdagi maʼlumotlar mavjud boʻlganda miqdoriy usullar qoʻllaniladi. Masalan, iqtisodiy va ijtimoiy tarixchilar yirik ijtimoiy guruhlarga oid qonuniyatlar va tendensiyalarni aniqlash uchun statistik tahlildan keng foydalanadilar.
Turli tarixshunoslik maktablari tarixni yozish va talqin qilishning oʻziga xos metodologik yondashuvlariga ega. Pozitivizmda tarixiy tadqiqotning ilmiy tabiatini taʼkidlanib, obyektiv haqiqatni aniqlashda empirik dalillarga tayaniladi. Postmodernizmda esa „yagona obyektiv haqiqatni ifodalaydi“ deb daʼvo qiluvchi umumiy tarixiy bayonlarni rad etiladi. Uning vakillari tarixiy talqinning subyektiv xususiyatiga urgʻu berib, bir-biridan farq qiluvchi koʻplab qarashlarning mavjudligini eʼtirof etadilar.
Marksistik tarixshunoslikda tarixiy taraqqiyotni iqtisodiy omillar va sinfiy kurashlarning mahsuli sifatida talqin qilinadi. „Annallar“ maktabida uzoq muddatli ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarni oʻrganishga alohida eʼtibor qaratilib, miqdoriy hamda fanlararo tadqiqot usullaridan foydalaniladi. Feministik tarixshunoslik esa tarixda genderning oʻrnini oʻrganadi. Ayniqsa, ayollar tajribasini tahlil qilish orqali patriarxal qarashlarni qayta koʻrib chiqishga intiladi.
Tadqiqot yoʻnalishlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tarix koʻplab tarmoqlarni oʻz ichiga olgan keng qamrovli tadqiqot sohasidir. Uning ayrim tarmoqlari muayyan tarixiy davrni oʻrgansa, boshqalari maʼlum bir geografik hudud yoki alohida mavzuga ixtisoslashadi. Turli yoʻnalishdagi ixtisoslashuvlar koʻpincha oʻzaro birlashtirilishi mumkin. Masalan, Qadimgi Misr iqtisodiy tarixiga bagʻishlangan tadqiqotda vaqt, hudud va mavzu nuqtayi nazarlari jamlanadi.
Qamrovi juda keng boʻlgan mavzularda birlamchi manbalar hajmi shunchalik katta boʻlishi mumkinki, bitta tarixchining ularning barchasini mustaqil oʻrganishi amalda imkonsiz boʻladi. Shu sababli tadqiqotchilar odatda mavzuni toraytiradilar yoki umumiy tasavvur hosil qilish uchun ikkilamchi manbalardan ham foydalanadilar.
Davrlar boʻyicha
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tarixni davrlarga ajratish uning ulkan qamrovini nisbatan tadqiq etish oson boʻlgan qismlarga boʻlishning keng tarqalgan usuldir. Tarixiy davrlar odatda muayyan vaqt oraligʻini tavsiflovchi ustun jarayonlar hamda ularning boshlanishi yoki yakunlanishiga sabab boʻlgan muhim voqealar asosida belgilanadi. Tanlangan yondashuv va tafsilot darajasiga qarab, davrlar bir necha oʻn yillikni ham, bir necha asrni ham qamrab olishi mumkin.
Anʼanaviy davrlashtirishga koʻra, insoniyat tarixi ibtidoiy jamiyat, qadimgi dunyo tarixi, postklassik davr, ilk yangi davr tarixi va zamonaviy davr tarixiga boʻlinadi. Biroq hudud va mavzuga qarab bu davrlarning vaqt chegaralari farq qilishi, ayrim hollarda esa tarixchilar mutlaqo boshqa davrlashtirish tizimlaridan foydalanishlari mumkin. Masalan, Xitoy tarixini davrlashtirish anʼanaviy ravishda asosiy sulolalarga tayanadi, Amerika tarixida esa Kolumbgacha boʻlgan davr, mustamlakachilik davri va mustamlakachilikdan keyingi davr ajratiladi.
Ibtidoiy jamiyat davri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ibtidoiy jamoa davrni oʻrganish bir necha million yil avval yashagan odamsimon turlar evolyutsiyasi va taxminan 200 ming yil avval anatomik jihatdan zamonaviy insonning paydo boʻlishini qamrab oladi. Keyinchalik insonlar Afrikadan koʻchib chiqib, Yer yuzining katta qismiga tarqalganlar. Ibtidoiy jamoa davrining oxirlariga kelib, yangi va takomillashgan mehnat qurollarining yaratilishi natijasida koʻplab inson jamoalari ovchilik va termachilikka asoslangan koʻchmanchi turmush tarzidan voz kechib, dastlabki dehqonchilikka tayangan oʻtroq hayot tarziga oʻta boshlaganlar.
Bu davrga oid yozma manbalarning mavjud emasligi tadqiqotchilar oldiga oʻziga xos muammolarni qoʻyadi. Shu sababli ibtidoiy jamoa davrni oʻrganish arxeologiya, antropologiya, paleoantropologiya va geologiya kabi fanlar dalillariga tayanadigan fanlararo yondashuvni talab qiladi.
Qadimgi dunyo tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qadimgi dunyo tarixini oʻrganuvchi tarixchilar miloddan avvalgi taxminan 3500-yillardan boshlab Mesopotamiya, Misr, Hind vodiysi, Xitoy va Peru kabi hududlarda dastlabki yirik tamaddunlarning shakllanishini tadqiq etadilar. Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy munosabatlarning murakkablashuvi yozuvning paydo boʻlishiga zamin yaratdi. Qishloq xoʻjaligining rivojlanishi oziq-ovqat ortigʻini vujudga keltirib, aholining koʻpayishi, shaharlarning rivojlanishi, savdo tarmoqlarining kengayishi va mintaqaviy imperiyalarning shakllanishiga imkon berdi.
Qadimgi tarixning keyingi bosqichi, baʼzan klassik davr deb ataladigan davrda, Xitoy, Hindiston, Eron va Oʻrta dengiz havzasi tamaddunlari yanada rivojlanib, madaniyat, ilm-fan va siyosat sohalarida yuksak taraqqiyotga erishdilar. Aynan shu davrda hinduizm, buddaviylik, konfutsiychilik, yahudiylik va qadimgi yunon falsafasi kabi yirik diniy va falsafiy anʼanalar shakllandi.
Postklassik yoki oʻrta asrlar tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Taxminan milodiy 500-yildan boshlangan postklassik yoki oʻrta asrlar tarixini oʻrganuvchi tarixchilar yirik dinlarning taʼsiri tobora kuchayganini qayd etadilar. Buddaviylik, xristianlik va islom kabi missioner dinlar tez surʼatlar bilan tarqalib, jahon dinlariga aylandi hamda asta-sekin boshqa eʼtiqod tizimlari oʻrnini egallay boshladi. Shu bilan birga, mintaqalararo savdo tarmoqlari ravnaq topib, texnologiyalar va madaniyatlarning oʻzaro almashinuvini jadallashtirdi. XIII–XIV asrlarda Osiyo va Yevropaning katta qismini egallagan Moʻgʻullar imperiyasi dunyoning eng qudratli davlatlaridan biriga aylandi.
Ilk yangi davr tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Taxminan 1500-yillarda boshlangan ilk yangi davr tarixini oʻrganuvchi tarixchilar, avvalo, Yevropa davlatlarining jahon miqyosidagi qudratga aylanganiga eʼtibor qaratadilar. Oʻqotar qurollarga tayangan imperiyalar sifatida ular dunyoning koʻplab hududlarini kashf etdilar va mustamlakaga aylantirdilar. Natijada Amerika qitʼasi jahon miqyosidagi iqtisodiy va madaniy aloqalar tizimiga qoʻshildi hamda oʻsimliklar, hayvonlar, odamlar va kasalliklarning keng koʻlamli almashinuvi yuz berdi.
Ilmiy inqilob muhim kashfiyotlarga yoʻl ochib, texnologik taraqqiyotni tezlashtirdi. Bu jarayon gumanizm va Maʼrifatparvarlik kabi intellektual oqimlar bilan birga kechib, jamiyatning sekulyarlashuviga turtki berdi.
Zamonaviy tarix
[tahrir | manbasini tahrirlash]XVIII asr oxirlaridan boshlanadigan zamonaviy tarixni oʻrganishda tarixchilar Sanoat inqilobining iqtisodiyotga taʼsiriga alohida eʼtibor beradilar. Yangi va samaraliroq ishlab chiqarish usullarining joriy etilishi iqtisodiy hayotni tubdan oʻzgartirdi. Gʻarb davlatlari sanoatlashgan harbiy texnologiyalar yordamida ulkan mustamlaka imperiyalarini barpo etib, xalqaro maydonda ustun mavqega ega boʻldilar.
Tovarlar, gʻoyalar va aholining xalqaro miqyosdagi almashinuvi kuchayib, globallashuv jarayoni boshlandi. Turli ijtimoiy inqiloblar mutlaq monarxiyalar va mustamlakachilik tuzumlariga qarshi chiqib, demokratik boshqaruv shakllarining rivojlanishiga zamin yaratdi. Shu bilan birga, fan, texnologiya, iqtisodiyot, turmush darajasi va aholi sonining oʻsishi misli koʻrilmagan surʼatlarda jadallashdi. Biroq bu taraqqiyot ikki jahon urushi keltirib chiqargan ulkan vayronagarchiliklar fonida yuz berdi. Ushbu urushlar xalqaro kuchlar muvozanatini oʻzgartirib, Yevropaning dunyodagi ustun mavqeining zaiflashishiga olib keldi.
Geografik oʻrniga koʻra
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tarixiy tadqiqot yoʻnalishlarini oʻrganiladigan geografik hududlarga koʻra ham tasniflash mumkin. Geografiya tarixda muhim oʻrin egallaydi, chunki ushbu fan oziq-ovqat sanoati, tabiiy boyliklar, iqtisodiy faoliyat, siyosiy chegaralar va madaniy aloqalarga taʼsir koʻrsatadi. Ayrim tarixiy tadqiqotlarning oʻrganilish doirasi qishloq yoki aholi punkti kabi kichik hududlar bilan cheklanadi. Boshqa tadqiqotlarda esa Afrika, Osiyo, Yevropa, Amerika va Okeaniya tarixi kabi butun qitʼalarni qamrab oluvchi keng hududlar oʻrganiladi.
Afrika tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Afrika tarixi zamonaviy insonlarning evolyutsiyasini oʻrganishdan boshlanadi.[84] Qadimgi tarixni oʻrganuvchilar yozuvning ixtiro qilinishi va tamaddunning shakllanishi miloddan avvalgi IV ming yillikda Qadimgi Misrda yuz berganini qayd etadilar.[85] Keyingi ming yilliklarda Nubiya, Aksum, Karfagen, Gana, Mali va Songai kabi boshqa yirik tamaddun va davlatlar shakllangan.[86]
Milodiy VII asrdan boshlab islom dini Shimoliy Afrika boʻylab tarqala boshlaydi va koʻplab imperiyalarda asosiy dinga aylandi. Shu davrda Transsahro savdo yoʻli boʻylab savdo-sotiq ham jadallashadi.[87] XV asrdan boshlab millionlab afrikaliklar qulga aylantirilib, Transatlantika qul savdosi chogʻida majburan Amerikaga olib ketilgan.[88] XIX asr oxiri va XX asr boshlarida qitʼaning katta qismi Yevropa davlatlari tomonidan mustamlakaga aylantirilgan.[89] Millatchilik harakatlarining kuchayishi natijasida Afrika davlatlari Ikkinchi jahon urushidan keyin bosqichma-bosqich mustaqillikka erisha boshlaganlar. Bu davr iqtisodiy taraqqiyot, aholining tez sur’atlarda oʻsishi va siyosiy barqarorlik uchun kurashlar bilan kechadi.[90]
Osiyo tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Osiyo tarixini oʻrganuvchilar zamonaviy insonlarning qitʼaga taxminan 100 ming yil avval kirib kelganini qayd etadilar.[91] Ular Osiyoning tamaddun shakllangan asosiy hududlardan biri sifatidagi rolini, xususan, miloddan avvalgi IV–III ming yilliklarda Mesopotamiya, Hind vodiysi va Qadimgi Xitoyda ilk tamaddunlarning vujudga kelishini oʻrganadilar.[92]
Keyingi ming yilliklarda Osiyo qitʼasida shakllangan tamaddunlar dunyoning barcha asosiy dinlari hamda falsafaning bir qator nufuzli anʼanalarini yuzaga keltirgan. Ular qatoriga hinduizm, buddizm, konfutsiychilik, daosizm, xristianlik va islom kiradi.[93] Boshqa muhim jarayonlar qatorida Buyuk Ipak yoʻlining shakllanishini ham koʻrsatish mumkin. Ushbu savdo yoʻli Yevrosiyo boʻylab savdo-sotiq va madaniy almashinuvni rivojlantirishga xizmat qilgan. Shuningdek, Moʻgʻullar davlati kabi qudratli imperiyalar ham vujudga kelgan.[94] Keyingi asrlarda Yevropaning Osiyodagi taʼsiri tobora kuchayib, zamonaviy davrning boshlanishiga zamin yaratgan. Bu jarayon XIX asr va XX asr boshlarida choʻqqiga chiqib, Osiyoning koʻplab hududlari Ikkinchi jahon urushi yakuniga qadar bevosita mustamlakachilik boshqaruvi ostida qoladi.[95] Mustaqillikdan keyingi davr modernizatsiya, iqtisodiy oʻsish va aholining keskin koʻpayishi bilan tavsiflanadi.[96]
Yevropa tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yevropa tarixini oʻrganishda tarixchilar zamonaviy insonlarning qitʼaga taxminan 45 ming yil avval kelganini qayd etadilar.[98] Ular miloddan avvalgi I ming yillikda Qadimgi yunonlar Gʻarb dunyosi bilan bogʻliq madaniyat, falsafa va siyosatning muhim asoslarini shakllantirishga qanday hissa qoʻshganini, [97] shuningdek, yunonlarning madaniy merosi Rim va Vizantiya imperiyalariga qanday taʼsir koʻrsatganini oʻrganadilar.[99]
Oʻrta asrlar milodiy V asrda Gʻarbiy Rim imperiyasining qulashidan boshlanib, xristianlikning keng tarqalishi bilan tavsiflanadi.[100] XV asrdan boshlab Yevropaliklarning tadqiqotlari va mustamlakachilik faoliyati dunyoning turli qismlarini oʻzaro bogʻlagan boʻlsa, madaniy, intellektual va ilmiy taraqqiyot Gʻarb jamiyatlarini tubdan oʻzgartirgan.[101] XVIII asr oxiridan XX asr boshlarigacha boʻlgan davrda Sanoat inqilobi va Yevropaning dengizorti hududlarida yirik mustamlakalar barpo etilishi natijasida Yevropaning dunyodagi ustun mavqeyi yanada mustahkamlanadi.[102] Ikki jahon urushining vayronkor oqibatlari natijasida bu ustunlik barham topdi.[103]
Sovuq urush davrida qitʼa Gʻarbiy va Sharqiy bloklarga boʻlingan. Sovuq urush tugaganidan keyin Yevropa davlatlari siyosiy va iqtisodiy integratsiyani rivojlantirish yoʻlidan bordilar.[104]
Amerika tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Amerika qitʼasi tarixini oʻrganuvchi tarixchilar ilk insonlar qitʼaga taxminan 20–15 ming yil avval kelganini qayd etadilar.[105] Amerika qitʼasida Janubiy Amerikadagi Norte-Chiko hamda Markaziy Amerikadagi Maya va Olmek tamaddunlari kabi eng qadimgi tamaddunlardan ayrimlari shakllangan.[106] Keyingi ming yilliklarda ular bilan bir qatorda Teotiuakan, Atsteklar va Inklar davlati kabi yirik imperiyalar vujudga keldi.[107]
XV asr oxiridan boshlab Yevropaliklarning kelishi ortidan ular yangi kasalliklarning tarqalishi mahalliy aholining keskin kamayishiga olib keladi. Bu jarayon mustamlakachilik bilan birgalikda yirik imperiyalarning yemirilishiga sabab boʻlgan hamda aholining tarkibi va madaniy manzarasini tubdan oʻzgartirib yuborgan.[108] XVIII–XIX asrlardagi Amerika qitʼasining mustaqillikka erishish harakatlari natijasida qitʼaning turli hududlarida yangi davlatlar shakllanadi.[109] XX asrda Amerika Qoʻshma Shtatlari dunyodagi yetakchi hamda Sovuq urushning asosiy ishtirokchilaridan biriga aylanadi.[110]
Okeaniya tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Okeaniya tarixini oʻrganishda tarixchilar insonlarning bu hududga taxminan 60–50 ming yil avval kelganini qayd etganlar.[111] Dastlab Avstraliya va Papua-Yangi Gvineyada, keyinchalik esa boshqa Tinch okeani orollarida shakllangan turli mintaqaviy jamiyatlar va madaniyatlarning vujudga kelishini oʻrganadilar.[112]
XVI asrda yevropaliklarning kelishi hududda katta oʻzgarishlarni boshlab bergan va XIX asr oxiriga kelib Okeaniyaning katta qismi Gʻarb davlatlari nazorati ostiga oʻtgan.[113] Okeaniya jahon urushlari davridagi turli mojarolarga jalb qilingan va urushdan keyingi davrda dekolonizatsiya jarayonini boshdan kechirgan.[114]
Mavzu boʻyicha
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tarixchilar koʻpincha oʻz tadqiqotlarini muayyan mavzu bilan cheklaydilar.[115] Ayrim tadqiqotchilar tarixni umumiy tarzda uchta asosiy yoʻnalishga — siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiyga ajratishni taklif etadilar. Biroq bu yoʻnalishlar oʻrtasidagi chegaralar aniq emas. Shuningdek, ularning intellektual tarix kabi boshqa mavzuviy yoʻnalishlar bilan oʻzaro aloqasi ham har doim ham yaqqol namoyon boʻlmaydi.[116]
Siyosiy tarixda jamiyatdagi hokimiyatning tashkil etilishini oʻrganib, hokimiyat tuzilmalari qanday vujudga kelishi, rivojlanishi va oʻzaro munosabatga kirishishini tadqiq etiladi. Yozma manbalar mavjud boʻlgan tarixning katta qismida davlat yoki davlatga oʻxshash tuzilmalar siyosiy tarix tadqiqotlarining markazida boʻlib kelgan. Siyosiy tarix davlatning ichki jihatdan qanday tashkil etilganini, jumladan, siyosiy guruhlar, siyosiy partiyalar, rahbarlar va boshqa siyosiy institutlarning faoliyatini oʻrganadi. Shuningdek, unda qanday siyosat amalga oshirilgani va davlatning boshqa davlatlar bilan qanday munosabatda boʻlgani ham tadqiq etiladi.[117] Siyosiy tarix qadimgi davrlardanoq Gerodot va Fukidid kabi tarixchilar tomonidan oʻrganib kelingan. Shu sababli u tarix fanining eng qadimgi yoʻnalishlaridan biri sanaladi. Boshqa yirik tadqiqot yoʻnalishlari esa mustaqil ilmiy yoʻnalish sifatida asosan soʻnggi bir asr davomida shakllangan.[118]
Diplomatik va harbiy tarix siyosiy tarix bilan chambarchas bogʻliq yoʻnalishlardir. Diplomatik tarixda davlatlar oʻrtasidagi xalqaro munosabatlarni oʻrganiladi. Unda muzokaralar, strategik masalalar, shartnomalar va davlatlar oʻrtasidagi nizolar kabi tashqi siyosatga oid masalalarni, shuningdek, bu jarayonlarda xalqaro tashkilotlarning rolini qamrab olinadi.[120] Harbiy tarixda jahon tarixidagi qurolli mojarolarning taʼsiri va rivojlanishini oʻrganiladi. Bunga jang kabi muayyan voqealarni tahlil qilish va urushning turli sabablarini oʻrganish kiradi. Shuningdek, harbiy ishning rivojlanishi, jumladan, harbiy texnologiya, strategiya, taktika, logistika va harbiy institutlarning takomillashuvi kabi umumiy masalalar ham tadqiq etiladi.[121]
Iqtisodiy tarixda tovarlarning qanday ishlab chiqarilishi, ayirboshlanishi va isteʼmol qilinishini oʻrganiladi. Sohada yerdan, mehnat va kapitaldan foydalanish, tovarlarga boʻlgan talab va taklif, xarajatlar va ishlab chiqarish vositalari, daromad hamda boylikning taqsimlanishi kabi iqtisodiy jihatlarni qamrab olinadi. Iqtisodiy tarixchilar odatda shaxslarning xatti-harakatlari va qarorlaridan koʻra, inflyatsiya kabi omillar namoyon boʻladigan umumiy tendensiyalarga eʼtibor qaratadilar. Yetarli maʼlumot mavjud boʻlsa, ular statistik tahlil kabi miqdoriy usullardan foydalanadilar. Zamonaviy davrgacha boʻlgan tarixiy davrlar uchun mavjud maʼlumotlar koʻpincha cheklangan boʻlib, bu iqtisodiy tarixchilarni kam sonli manbalarga tayanish va ulardan foydalanib maʼlumotlarni taxminiy tiklashga majbur qiladi.[122]
Ijtimoiy tarix ijtimoiy hodisalar oʻrganiladigan keng yoʻnalish boʻlib, uning aniq taʼrifi borasida turli qarashlar mavjud. Ayrim tadqiqotchilar uni siyosat va iqtisodiyot doirasidan tashqaridagi kundalik hayotni, jumladan, madaniy amaliyotlar, oila tuzilmalari, jamoadagi oʻzaro munosabatlar va taʼlimni oʻrganish sifatida talqin qiladilar. Unga yaqin boshqa bir yondashuvda faoliyatdan koʻra ijtimoiy tajribaga eʼtibor qaratib, muayyan ijtimoiy guruhlar, masalan, ijtimoiy sinflar, irqlar, jinslar yoki yosh guruhlari vakillarining oʻz davri va atrof-muhitini qanday boshdan kechirganini oʻrganiladi. Boshqa taʼriflarda esa ijtimoiy tarix qashshoqlik, kasallik va jinoyatchilik kabi ijtimoiy muammolarni oʻrganish sifatida qaraladi yoki butun jamiyatlarning qanday rivojlanganini tadqiq etuvchi kengroq yoʻnalish sifatida talqin qilinadi.[123] Unga yaqin yoʻnalishlar qatoriga madaniyat, gender va din tarixi kabilar kiradi.[124]
Intellektual tarixda mafkura tarixini oʻrganadi hamda tushunchalar, falsafalar va mafkuralarning qanday rivojlanganini tadqiq etiladi. Sohada, ayniqsa, ilmiy va akademik yoʻnalishlarga qiziqish yuqori, biroq ular bilan cheklanib qolinmaydi; oddiy aholining eʼtiqodlari va qarashlari ham oʻrganiladi. Intellektual tarixda intellektual oqimlarning oʻzini tadqiq etish bilan bir qatorda, ularni shakllantirgan madaniy va ijtimoiy sharoitlar hamda ularning boshqa tarixiy jarayonlarga taʼsiri ham oʻrganiladi.[125]
Soha bilan chambarchas bogʻliq yoʻnalishlardan falsafa tarixida falsafiy tafakkurning rivojlanishini, [126] fan tarixi esa ilmiy nazariya va amaliyotlarning, jumladan, Charles Darwin va Albert Einstein kabi olimlarning ilmiy hissalarining rivojlanishi oʻrganiladi.[127] Yana bir turdosh yoʻnalish — sanʼat tarixida tarixiy sanʼat asarlarini hamda badiiy faoliyat, uslub va oqimlarning rivojlanishi tadqiq etiladi. Shuningdek, sanʼat asarlarining yaratilishidagi madaniy, ijtimoiy va siyosiy sharoitlar ham oʻrganiladi.[128]
Atrof-muhit tarixida insonlar va ularning atrof-muhit oʻrtasidagi munosabatlari oʻrganiladi. Sohada tarixda insonlar va tabiatning boshqa qismlari bir-biriga qanday taʼsir koʻrsatganini tushunishga intilinadi.[129] Tarixning boshqa mavzuviy yoʻnalishlari qatorida konstitutsiya, huquq, shaharlar, biznes, texnologiya, tibbiyot, taʼlim va xalq tarixini sanab oʻtish mumkin.
Boshqalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tarixning ayrim yoʻnalishlari ularda qoʻllanadigan tadqiqot usullari bilan ajralib turadi. Jumladan, kvantitativ va raqamli tarixda miqdoriy usullar hamda raqamli vositalardan keng foydalaniladi.[131] Qiyosiy tarixda turli davrlar, hududlar yoki madaniyatlarga mansub tarixiy hodisalar oʻzaro taqqoslab, ularning oʻxshash va farqli jihatlari aniqlanadi.[132] Koʻpgina boshqa tarixiy yoʻnalishlardan farqli ravishda, ogʻzaki tarixda yozma hujjatlardan koʻra ogʻzaki maʼlumotlarga tayaniladi. Unda voqealarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan kishilarning xotiralari, ogʻzaki rivoyatlar va jamoaviy afsonalardan foydalaniladi. Bunday yondashuv oddiy insonlarning shaxsiy tajribasi, voqealarni anglash tarzi va xotiralarini aks ettirib, kishilar oʻtmishni qanday subyektiv ravishda eslab qolishini koʻrsatib beradi.[133] Muqobil tarix tarixning boshqa yoʻsinda kechishi mumkin boʻlgan variantlarini oʻrganadi. Bunda turli shart-sharoitlar mavjud boʻlganida voqealar qanday rivojlanishi mumkinligini tasavvur qilish va shu asosda tarixning ehtimoliy boshqa yoʻllarini tahlil qilishga murojaat etiladi.[134] Tarixning ayrim yoʻnalishlari esa oʻzining nazariy qarashlari bilan farqlanadi. Jumladan, marksistik va feministik tarix shular jumlasidandir.[135]
Tarixning ayrim yoʻnalishlari oʻrganilayotgan mavzuning qamrov koʻlami bilan bir-biridan farqlanadi. Eng keng qamrovli yoʻnalish — Katta tarix boʻlib, unda Katta portlashdan tortib hozirgi davrgacha boʻlgan jarayonlar qamrab olinadi hamda kosmologiya, geologiya, biologiya va antropologiyaga oid bilimlardan foydalaniladi.[9] Keng qamrovga ega yana bir yoʻnalish — global tarix. Insoniyat tarixi yaxlit holda oʻrganilib, tadqiqot insoniyatga mansub ilk mavjudotlarning evolyutsiyasidan boshlanadi.[136] Makrotarix, mezotarix va mikrotarix atamalari tarixiy jarayonlarni turli koʻlamlarda oʻrganishga nisbatan qoʻllanadi. Sohada butun dunyoga taʼsir koʻrsatgan keng koʻlamli jarayonlardan tortib, muayyan hududlar, kichik jamoalar, oilalar, alohida shaxslar yoki muayyan voqealarni batafsil oʻrganishgacha boʻlgan turli darajadagi tahlil nazarda tutiladi.[137] Mikrotarixga yaqin yoʻnalishlardan biri tarixiy biografiya boʻlib, unda muayyan shaxsning hayoti oʻz davrining tarixiy sharoiti bilan bogʻliq holda yoritiladi va uning tarixda qoldirgan merosi oʻrganiladi.[138]
Ommaviy tarix deganda tarixiy bilim va tasavvurlarni keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan faoliyat tushuniladi. Bunday faoliyat odatdagi akademik muhitdan tashqarida, masalan, muzeylar, tarixiy maskanlar, tarixiy-madaniy merosga oid turizm va ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshiriladi.[139]
Rivojlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yozuv ixtiro qilinishidan avval tarixiy bilimlarni saqlash va avloddan avlodga yetkazish asosan ogʻzaki anʼanalar orqali amalga oshirilgan.[140] Tarixiy asarlarning dastlabki namunalarida tarixiy voqealar afsonaviy unsurlar bilan qorishib ketgan. Bunga „Gilgamesh dostoni“ va „Odisseya“ kabi asarlarni misol qilib keltirish mumkin. „Odisseya“ qadimgi yunon adabiy yodgorligi boʻlib, dostonda Homerga nisbat beriladi.[141]
Miloddan avvalgi V asrda yaratilgan „Tarix“ asari[143] Gerodot tomonidan yozilgan boʻlib, Gʻarb tarixiy tafakkuri anʼanalarining asosini tashkil etgan ilk asarlardan biri sanaladi. Unda Homer va boshqa shoirlarning asarlaridagi rivoyatlarga qaraganda voqealarni aql-idrok va dalillarga tayangan holda oʻrganishga koʻproq eʼtibor berilgan.[143] Fukidid Gerodotning bu yondashuvini davom ettirib, uni yanada takomillashtirgan. Biroq u Gerodot asarlaridagi keng qamrov va etnografik maʼlumotlardan farqli ravishda, asosan muayyan siyosiy va harbiy jarayonlarga eʼtibor qaratgan.[144] Rim tarixnavisligi yunon tarixiy anʼanalarining kuchli taʼsiri ostida shakllangan. Rim tarixchilari tarixiy voqealarni bayon qilish bilan cheklanmay, koʻpincha tarixiy shaxslarga axloqiy baho ham berganlar.[146] Dastlabki Rim tarixchilari oʻtmishda yuz bergan voqealarni yillar boʻyicha ketma-ket joylashtirib, ularga nisbatan juda kam izoh beradigan yilnomaviy uslubdan foydalanganlar. Keyingi davr tarixchilari esa voqealarni kengroq bayon qilish va tahlil etishga asoslangan uslubni afzal koʻrganlar.[146]
Tarixiy asarlar yaratishning yana bir murakkab anʼanasi Qadimgi Xitoyda shakllangan. Dastlabki belgilari miloddan avvalgi II ming yillik oxirlariga borib taqaladi. Bu anʼanada yilnomalar tarixiy yozuvning eng yuqori shakli deb qaralgan va tarixiy maʼlumotlarni manbalar orqali tekshirishga katta eʼtibor berilgan. Mazkur anʼanada konfutsiychilik falsafasi bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, hukmron sulola davlat boshqaruvi bilan bir qatorda tarixnavislik ham yoritilgan. Har bir yangi sulola oʻzidan oldingi sulolaning rasmiy tarixini yozib qoldirgan.[148] Xitoy tarixchilari boshqa tarixnavislik anʼanalariga qaraganda ancha ilgari tarixiy voqealarni izchil va tizimli ravishda qayd etish usulini shakllantirganlar. Bu anʼananing rivojida ayniqsa Sima Syanning xizmatlari katta boʻlgan. Uning manbalarni sinchiklab oʻrganishi va turli qarashlarni birgalikda yoritishi keyingi davr tarixchilari uchun tarix yozish mezonlarining shakllanishiga kuchli taʼsir koʻrsatadi.[149] Qadimgi Hindistonda esa tarixiy bayonlar din bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan. Ularda tarixiy voqealar koʻpincha gʻayritabiiy hodisalar bilan qorishib ketgan. Buni „Mahabharata“ kabi asarlarda ham koʻrish mumkin.[150]
Yevropada oʻrta asrlar davrida tarixiy voqealarni asosan ruhoniylar yilnomalar shaklida yozib qoldirganlar. Xristian tarixchilari yunon-rim va yahudiy tarixiy anʼanalariga tayanib, oʻtmishni diniy nuqtayi nazardan qayta talqin qilganlar. Ularning asarlarida tarix voqealari Xudoning ilohiy rejasini namoyon etuvchi yaxlit bayon tarzida tasvirlangan.[151] Bu tarixnavislik anʼanasining shakllanishiga kesariyalik Yevseviy va Bede kabi tarixchilar, shuningdek, Avgustin Avreliy kabi ilohiyotshunoslar katta hissa qoʻshdilar.[152] Islom olamida ham tarixiy asarlar yaratish anʼanasi din taʼsirida shakllandi. Tarixchilar oʻtmish voqealarini musulmoncha dunyoqarash asosida talqin qilganlar. Tarixiy rivoyatlarning ishonchliligini saqlashda rivoyat yetkazuvchilar silsilasi, yaʼni isnodga katta ahamiyat berilgan.[153] Tabariy dunyoning yaratilishidan oʻz davrigacha boʻlgan voqealarni qamrab olgan keng qamrovli tarixiy asar yaratdi. Ibn Xaldun esa tarixchilik faoliyatining falsafiy asoslari, jumladan, tarixiy oʻzgarishlarni shakllantiruvchi umumiy qonuniyatlar va tarixiy haqiqatni bilishning imkoniyat hamda chegaralari haqida chuqur mulohaza yuritgan.[154]
Xitoyda Tan sulolasi (618–907) vujudga kelishi bilan tarixiy asarlar yaratish tobora koʻproq davlat tizimiga bogʻlanib borgan. 629-yilda tarix yozish bilan shugʻullanuvchi maxsus idora tashkil etilgan. Mazkur idora tarixning rasmiy milliy bayonlari uchun asos oʻlaroq xizmat qilgan „Haqiqiy qaydlar“ toʻplamini tuzishni nazorat qilgan. Tan sulolasi tarixchilari oʻtmishda sodir boʻlgan voqealarning oʻzi bilan ularning tarixiy asarlarda qanday qayd etilgani oʻrtasidagi farqqa alohida eʼtibor qaratganlar.[155] Sun sulolasi (960–1279) davrida tarixiy asarlar yaratish ensiklopediyalar, tarjimai hollar va tarixiy romanlar kabi turli janrlarda rivojlangan. Bu davrda tarix Xitoy taʼlim tizimining muhim fanlaridan biriga aylanadi.[156] Xitoydagi anʼanalar taʼsirida VIII asrda Yaponiyada ham tarixiy asarlar yaratish anʼanasi shakllandi. Xitoydagidek, Yaponiyada ham tarix yozish imperator saroyi bilan chambarchas bogʻliq edi. Biroq yapon tarixchilari manbalarni tanqidiy baholashga xitoylik tarixchilarga qaraganda kamroq ahamiyat beradilar.[157]
Uygʻonish davri va ilk yangi davrda (taxminan 1500–1800-yillar) turli tarixnavislik anʼanalari bir-biri bilan tobora yaqinlashib borgan.[158] XIV asrdan boshlab Yevropada Uygʻonish davri oʻrta asrlarga xos diniy qarashlardan uzoqlashib, qadimgi Yunoniston va Rimning mumtoz merosiga yangidan qiziqish uygʻonishiga sabab boʻladi. Uygʻonish davri gumanistlari avvalgi diniy tarixiy asarlarni sinchiklab oʻrganish uchun murakkab matnshunoslik usullaridan foydalanganlar. Bu esa tarixiy asarlar yaratish jarayonining tobora dunyoviylashuviga xizmat qilgan. XV–XVII asrlarda tarixchilar tarixning taʼlimiy-tarbiyaviy ahamiyatiga koʻproq eʼtibor qaratib, undan mavjud ijtimoiy tartibni mustahkamlash yoki oʻtmishning ideallashtirilgan holatiga qaytish gʻoyasini ilgari surish uchun foydalanganlar. Bosma asbobining ixtiro qilinishi yozma hujjatlarni kengroq ommaga yetib boradigan va arzonroq manbaga aylantirdi. Natijada tarixga boʻlgan qiziqish ruhoniylar va zodagonlar doirasidan tashqariga ham kengayadi. Shu bilan birga, Ilmiy inqilob bilan bogʻliq empirizm sababli tarixda barcha davr va jamiyatlar uchun birdek amal qiladigan umumiy haqiqatlarni aniqlash mumkinligiga shubha bilan qaralgan.[159] XVIII asr Maʼrifatchilik davrida tarixiy asarlar yaratishga ratsionalizm va skeptitsizm katta taʼsir koʻrsatadi. Anʼanaviy hokimiyat va aqidalarni aql-idrok hamda empirik usullar orqali qayta koʻrib chiqishga intilgan tarixchilar oʻtmishdagi chuqurroq qonuniyatlar va mazmunni aniqlashga harakat qilganlar. Shu davrda tarixiy tadqiqotlarning qamrovi ham kengayadi: jamiyat va iqtisodiyotga oid masalalarni oʻrganishga, shuningdek, turli madaniyatlarni qiyoslashga koʻproq eʼtibor berila boshlanadi.[160]
Min sulolasi (1368–1644) davrida jamoatchilikning tarixiy asarlarga qiziqishi va ushbu asarlarning ommalashuvi yanada kuchaygan. Saroy tarixchilari tomonidan „Haqiqiy qaydlar“ni davom ettirib borish bilan bir qatorda, mustaqil olimlar tomonidan yaratilgan norasmiy tarixiy asarlar ham keng tarqalgan. Bu olimlar odatda ijodiyroq uslubdan foydalanadilar va ayrim hollarda anʼanaviy, rasmiy qarashlarga ham qarshi chiqadilar.[161] Islom olamida Safaviylar, Boburiylar va Usmonlilar imperiyalari davrida tarixiy asarlar yaratishning yangi anʼanalari shakllangan.[162] Ayni paytda Amerika qitʼalarida yevropalik sayyoh va tadqiqotchilar mahalliy xalqlarning ogʻzaki hamda tasviriy belgilar orqali avloddan avlodga yetkazilgan tarixiy rivoyatlarini yozib olganlar va oʻz qarashlari asosida talqin qilganlar. Bunday qarashlar ayrim hollarda Yevropada shakllangan anʼanaviy tarixiy tasavvurlarga zid kelardi.[163]
XIX asrda tarixiy asarlar yaratish jarayoni tubdan oʻzgaradi: tarixshunoslik tobora kasbiylashib, ilmiy yondashuvlarga tayana boshlaydi. Leopold von Rankening tadqiqotlaridan soʻng manbalarni tizimli ravishda tanqidiy tahlil qilish tarixiy tadqiqotlarning keng eʼtirof etilgan usuliga aylanadi. Tarixni oʻrganishga ixtisoslashgan ilmiy muassasalar ham shakllanadi: universitetlarda tarix kafedralari ochiladi, tarixchilar uyushmalari va ilmiy jurnallar tashkil etiladi.[165] Ushbu ilmiy yondashuv taʼsirida Auguste Comte pozitivizm maktabiga asos solgan. U fiziklar oʻrganadigan tabiat qonunlariga oʻxshash, tarixiy jarayonlarning umumiy qonuniyatlarini aniqlashni maqsad qilgan.[166] Georg Wilhelm Friedrich Hegell falsafasiga tayangan Karl Marx esa oʻzining tarixiy materializm nazariyasida shunday umumiy qonuniyatlardan birini ilgari surgan. Uning fikricha, iqtisodiy kuchlar va sinflar kurashi tarixiy oʻzgarishlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridir.[167] Yana bir muhim jarayon Yevropada shakllangan tarixshunoslik usullarining butun dunyoga tarqalishi boʻlgan. Natijada bu usullar oʻtmishni akademik jihatdan oʻrganishda ustun yondashuvga aylangan.[168]
XX asrda tarix haqidagi anʼanaviy qarashlar va tarixiy tadqiqotlarda qoʻllanib kelgan usullar qayta koʻrib chiqila boshlanadi, tarixiy tadqiqotlarning qamrovi esa ancha kengayadi.[169] „Annallar“ maktabi uzoq davom etgan tarixiy jarayonlarni oʻrganishda sotsiologiya, psixologiya va iqtisodiyot fanlarining yutuqlaridan foydalangan.[170] Uchinchi reyx, Sovet Ittifoqi va Xitoy singari avtoritar tuzumlar esa tarixiy voqealar haqidagi qarash va talqinlardan mafkuraviy maqsadlarda foydalanganlar hamda tarixiy bayonlarni oʻz manfaatlariga moslashtirganlar.[171] Turli tarixchilar ilgari yetarlicha eʼtibor berilmagan nuqtayi nazarlarga murojaat qilib, jamiyatning chetga surilgan guruhlari tajribasini oʻrgana boshlaydilar. Bunda quyi qatlamlar tarixi, mikrotarix, ogʻzaki tarix va feministik tarix kabi yondashuvlardan foydalanildi.[172] Postkolonializmda Gʻarb tarixshunosligi yondashuvining ustunligini shubha ostiga qoʻyishga intilinadi. Postmodernizmda esa tarixda yagona va barcha holatlarga birdek tatbiq etiladigan universal haqiqat mavjudligi haqidagi daʼvoni rad etiladi.[173] Intellektual tarix vakillari gʻoyalarning tarixiy rivojlanishini oʻrganganlar.[174] XX asrning ikkinchi yarmida butun insoniyat tarixini yaxlit holda yoritishga qaratilgan jahon tarixini yaratishga boʻlgan qiziqish yana kuchaydi. Shu bilan birga, texnologik taraqqiyot miqdoriy tarix va raqamli tarixning rivojlanishiga yangi imkoniyatlar ochib bergan.[175]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Woolf 2019, s. 22
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]| Vikiiqtibosda Tarixga tegishli iqtiboslar mavjud. |
| Vikiomborda „Tarix“ mavzusi boʻyicha mediafayllar bor. |
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Fanlar haqidagi ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |